Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarda joriy etilgan yangi tergov sudyasi institutining mazmun-mohiyati va ahamiyatini keng jamoatchilikka yetkazish
So‘nggi yillarda mamlakatimizda «Inson sha’ni va qadr-qimmati yo‘lida» tamoyili asosida Yangi O‘zbekistonni barpo etish borasida, jumladan, demokratiya va ijtimoiy adolat tamoyillarini mustahkamlashga qaratilgan sud-huquq sohasida ham tub islohotlar izchil amalga oshirilmoqda.
Davlatimiz rahbarining “Tezkor-qidiruv hamda tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilingani ana shu islohotlarning mantiqiy davomi bo‘ldi.
Hujjatda jinoyat protsessini tubdan modernizatsiya qilish, jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudlarida tergov sudyasi lavozimi joriy etish, ularga sudgacha bo‘lgan ish yuritish bosqichida protsessual harakatlarni amalga oshirish uchun sanksiyalar berish va boshqalar nazarda tutilgan.
Ushbu huquqiy hujjatning yana bir o‘ziga xos tomoni, “Xabeas korpus” instituti sohasini kengaytirish va tergov sudyalarini – sudgacha bo‘lgan ish yuritish bosqichi ustidan “sud nazorati”ni amalga oshirishga vakolatli alohida sudyalarni shakllantirish orqali sud majlisida jinoyat ishini ko‘rib chiqayotgan sudyaning xolisligi va adolatligi kafolatlanishidadir.
Mazkur Farmonning qabul qilinishi “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida sud-huquq sohasiga oid vazifalarni hayotga izchil tatbiq etishdan kelib chiqqan holda, Konstitutsiya va qonunlar ustuvorligini ta’minlash, chinakam adolatli sud-huquq tizimini shakllantirish va uning faoliyatini jinoyat protsessida fuqarolarning huquq va manfaatlarini samarali himoya qilishga yo‘naltirish, shuningdek, aholining huquqni muhofaza qilish organlariga ishonchini yanada mustahkamlashda alohida ahamiyatga ega.
Amaldagi milliy qonunchiligimizga ko‘ra ko‘rsatuvlarni oldindan mustahkamlab qo‘yish sud tomonidan amalga oshiriladi. Biroq bugungi kunda dunyoning aksariyat rivojlangan davlatlarida bu masalaga jinoyat protsessida tergov sudyasi institutini joriy etish orqali yechim topilgan va u o‘z samarasini berib kelmoqda. Xususan, Yevropa mamlakatlaridan Fransiya, Ispaniya, Belgiya, Gresiya davlatlarida, Osiyo mamlakatlaridan esa Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Ukraina, Moldova, Estoniya, Litva kabi davlatlarda tergov sudyasi lavozimi joriy etilgan bo‘lib, bugungi kunda ular sudga qadar ish yurituvi bosqichida sud tomonidan rozilik, ruxsat (sanksiya) beriladigan tergov yoki protsessual harakatlar va dastlabki tergov bilan bog‘liq boshqa munosabatlarga doir tartib-taomillarni hal etish bilan shug‘ullanadilar.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan davlatlarning barchasida ko‘rsatuvlarni oldindan mustahkamlab qo‘yish sud muhokamasini amalga oshirilishi mas’ul sudya tomonidan emas, sud tarmog‘idagi alohida mansabdor shaxs aynan tergov sudyasi tomonidan amalga oshiriladi. Bunday yondoshuv keyinchalik ishni sudda ko‘rishda xolislikni to‘la to‘kis ta’minlanishiga, birinchi instansiya sudi tomonidan qabul qilingan hukmning qonuniy, asoslantirilgan va adolatli bo‘lishiga hech qanday shubha qoldirmaydi.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, tergov sudyasi institutini qonunchilikka kiritish va amaliyotga keng joriy etish orqali ishni sudga qadar yuritish bosqichida protsess ishtirokchilarining huquq va erkinliklarini to‘liq ta’minlash bilan birga tomonlarning tortishuviga erishiladi hamda ko‘rsatuvlarni oldindan mustahkamlab qo‘yish protsessual harakatini o‘tkazish orqali dalillarni baholashda holislikni ta’minlaydi.
Zafar Tuxtayev,
Navoiy tumanlararo ma’muriy sudining sudyasi