Odamlarning loqaydligi korrupsiyaning
rivojlanishi uchun eng yaxshi zamindir.
(Delia Ferreyra Rubio)
Hozirgi globallashuv va integratsiya jarayonlari avj olib borayotgan zamonda korrupsiya deyarli hamma davlatlar uchun bir qancha muammolarga sabab bo‘lmoqda. Shu o‘rinda aytish joizki, Xalqaro valyuta jamg‘armasi tomonidan aniqlangann ma’lumotlarga tayanadigan bo‘lsak, ushbu illat yiliga jahon iqtisodiyotiga o‘rtacha 2,6 trillion dollar miqdorida zarar yetkazadi. Shu bilan bir qatorda inson huquq va erkinliklarining poymol bo‘lishiga ham sabab bo‘ladi. Shu boisdan, mazkur illat bilan kurashishga butun dunyo miqyosida siyosat darajasiga ko‘tarilib, hal qilinishi lozim bo‘lgan global muammo sifatida qaralmoqda.
Xalqaro Transparency International tashkilotining 2021-yil bo‘yicha bergan ma’lumotlariga tayanadigan bo‘lsak, korrupsiya darajasi eng past davlatlar reytingida birinchilardan bo‘lib, Daniya, Finlandiya, Yangi Zellandiya, Norvegiya, Singapur va Shvitsiya kabi davlatlar o‘rin olganligini ko‘rishimiz mumkin. Xo‘sh ushbu davlatlar qanday qilib bunday natijaga erishgan? Ushbu illatga qarshi kurashda qanday usullardan foydalanmoqda?
Finlandiya tajribasi.
Xalqaro Transparency International tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur davlat korrupsiya darajasi eng past bo‘lgan davlatlar kuchli beshtaligiga kirishga erishgan va hozirgi kunda Finlandiyada yiliga uch yoki to‘rtta poraxo‘rlik bilan bog‘liq jinoyat ishlari ko‘riladi.
E’tiborli tomoni shundaki, Finlandiyada Jinoyat kodeksida “korrupsiya” atamasi mavjud bo‘lmasdan, mansabdor shaxslarning poraxo‘rligi uchun, mazkur qilmishning xavflilik darajasidan kelib chiqib jarima yoxud ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazo nazarda tutilgan. Shuningdek, Finlandiyada boshqa davlatlardagi kabi na korrupsiyaga qarshi kurash haqida maxsus qonun, na korrupsiyaga qarshi kurashuvchi maxsus organ mavjud. Korrupsiyaga umumiy jinoyatchilikning bir qismi qabilida kurash olib boriladi. Finlandiya Konstitusiyasi, Jinoyat kodeksi, Fuqarolik xizmati to‘g‘risidagi qonun, ma’muriy boshqaruvga oid yo‘riqnomalar va boshqa qonunosti hujjatlar korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan hujjatlar hisoblanadi. Bularning orasida eng muhimi Axloq qoidalaridir. Finlandiyada davlat xizmatchilarini korrupsiyalashuvidan saqlovchi muhim omillardan biri – ularning moddiy va ijtimoiy ta’minlanganligidadir.
Mamlakatda korrupsiyani oldini olishga qaratilgan qonun hujjatlarning ijro yuzasidan nazoratni prezident tomonidan tayinlanib, to‘laqonli mustaqil faoliyat olib boradigan Adliya kansleri va parlament vakili Ombudsman amalga oshiradi. Ushbu organga shunchalik katta vakolat berilganki, hattoki butun hokimiyat tarmoqlari faoliyatini nazorat qila oladi.
Alohida ta’kidlash lozimki, Finlandiyada ommaviy axborot vositalari ijtimoiy nazoratning muhim vositasi bo‘lib xizmat qiladi. Hukumat esa, ommaviy axborot vositalariga nafaqat erkinlik yaratib bergan, balki har bir e’lon qilingan korrupsiya holati bo‘yicha aniq choralarni ko‘rib boradi.
Korrupsiya darajasi eng past bo‘lgan mamlakatlardan yana biri- Yangi Zellandiyadir. Mamlakatning mazkur sohadagi tajribasiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, 1961-yilda qabul qilingan Jinoyatlar aktining oltinchi bo‘limi “Qonun va odil sudlovni amalga oshirishga ta’sir qiluvchi jinoyatlar” deb nomlanib, mazkur bo‘limda poraxo‘rlik va korrupsiya uchun javobgarlik masalalari yoritilgan. E’tiborli jihati shundaki, mazkur bo‘limda har bir davlat amaldorining korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlari uchun alohida javobgarlik belgilangan. Xususan, Aktning 100-bandida sudyalar va sud xodimlarining poraxo‘rligi, 101-bandida sud xodimiga pora berish, 102- bandida vazirlarning poraxo‘rligi, 103-bandida parlament deputatining korrupsiyasi va poraxo‘rligi, 104-bandida huquqni muhofaza qilish organi xodimining korrupsiyasi va poraxo‘rligi, 105-bandida mansabdor shaxsning poraxo‘rligi, 105C-bandida chet ellik davlat amaldoriga pora berish, 105D-bandida Yangi Zelandiyadan tashqarida xorijiy davlat amaldorining poraxo‘rligi, 105E-bandida xorijiy davlat amaldorlarining korrupsiyasi uchun javobgarlik masalalari alohida keltirib o‘tilgan. Alohida ta’kidlash lozimki, mansabdor shaxslarning korrupsiyaviy jinoyatlari uchun alohida javobgarlikning belgilanishi, bunday jinoyatni adolatli hal qilinishiga, qolaversa har bir mansabdor shaxsning o‘z vazifasiga mas’uliyatini oshirishga xizmat qiladi. O‘z navbatida, jinoyatchilarga qarshi kurash usullarining qonunchilikda alohida, tizimli aks etishi, bunday turdagi jinoyatlarga qarshi kurashni ham osonlashtiradi.
Singapur tajribasi.
Xuddi shunday rivojlangan davlatlardan yana biri Singapurning korrupsiyaga qarshi kurash olib borishda qo‘llayotgan usullari haqida gapiradigan bo‘lsak, asosiy vazifasi korrupsiyaga qarshi faol kurash olib borishdan iborat bo‘lgan mustaqil faoliyat yurituvchi maxsus organ-Korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha tergov byurosi hisoblanadi. Byuro o‘z vazifasini amalga oshirishda quyidagilarni bajaradi:
ü davlat va xususiy sektorda korrupsiyani oldini olish yuzasidan o‘rganishlar o‘tkazadi;
ü hukumat amaldorlarining o‘z mansabida suiiste’mollikka yo‘l qo‘yish kabi holatlarni tekshirib, mas’ul organlarni xabardor qiladi;
ü boshqaruvdagi kamchiliklarni aniqlash maqsadida davlat organlarining ish yuritish uslubini o‘rganadi, agarda ushbu tizimda bo‘shliqlar mavjud bo‘lib, korrupsiya yoki mansab suiiste’molligiga sabab bo‘lsa, zudlik bilan ushbu bo‘linma rahbarlariga choralar ko‘rishga maslahat beradi.
Shuningdek, Singapur bu illat bilan kurashishda “insonni korrupsiyaga undaydigan holatlarni yo‘q qilish”ni asosiy g‘oya sifatida ilgari suradi. Bunday g‘oyani amalga oshirish uchun bir nechta prinsiplar mavjud:
1. davlat sektorida faoliyat yuritayotgan kishilarning ish haqini xususiy sektorda ishlayotgan shaxslarning o‘rtacha oylik ish haqi bilan birxillashtirish;
2. mansabdor shaxslarning har qanday mulkiniva daromadlari bo‘yicha yillik hisobotni kuzatib, tekshirib borish;
3. yuqori lavozimda faoliyat yuritayotgan mansabdor shaxslarning ma’naviy yuksakligini ta’minlash;
4. iqtisodiy rivojlanishda yuzaga keladigan ma’muriy to‘siqlarni bartaraf etish.
Latviya tajribasi
Korrupsiyaga qarshi samarali kurash olib borib, korrupsiya ko‘rsatgichi bo‘yicha yaxshigina natijalarni qayd etayotgan mamlakatlar qatorida Latviyaning yuritayotgan siyosatini ham alohida ta’kidlashimiz lozim. Latviya bunday natijaga, avvalo, mamlakatda antikorrupsiyaviy ta’limni joriy etishga jiddiy e’tibor berib, ushbu tizimni maktablardan to oliy o‘quv yurtlarigacha tatbiq etishga muvaffaq bo‘lish orqali erishgan. Latviya ta’lim tizimida yoshlar o‘rtasida halollik va vijdonli bo‘lishni targ‘ib qilishga, korrupsiya va poraxo‘rlikning zararlari haqidagi tushunchalarni shakllantirishga imkon beradigan loyiha ham ishlab chiqqan. Mazkur loyiha doirasida maktab o‘quvchilari orasida turli xildagi tadbirlar, jumladan, boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga noinsoflik, vijdonsizlik aks etgan multifilmlar yoki ertaklar ijro etilib, ularning fikrlashlari uchun muhokamaga tashlanadi. Barcha o‘quvchilarning fikrlari yozib olinib, tanlovlarga jo‘natiladi. Tanlov “Korrupsiyaga qarshi birgalikda” shiori ostida o‘tkaziladi.
Yana shuningdek, Latviyada har yili mamlakat hududi bo‘ylab korrupsiyaga qarshi kurash masalasiga bag‘ishlangan semenarlar o‘tkaziladi. Bunday semenar treninglar shunchaki qog‘ozbozlik yoki ko‘zbo‘yamachilik uchungina tashkil qilinmasdan, maxsus antikorrupsiyaviy mexanizmlarni ishlab chiqishga qaratilgan bo‘ladi.
Latviyada korrupsiyaga qarshi kurashda asosiy omil bu-davlatda siyosiy irodaning mavjudligi bilan izohlanadi. Mamlakatda faoliyat yuritayotgan Korrupsiyaga qarshin kurash va uni oldini olish byurosi (KNAB) faoliyat yuritib, unga quyidagi vazifalarni amalga oshiradi:
ü korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlarni oshkor qilish va bartaraf etish;
ü ushbu sohada tergov harakatlarini amalga oshirish va jinoiy ta’qibni muvofiqlashtirish;
ü mansabdor shaxslarni faoliyatini kuzatib borish, ularga nisbatan qo‘llanilgan cheklov va ta’qiqlarni nazoratga olish;
ü manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq holatlarda shaxslarni javobgarlikka tortish;
ü korrupsiyani oldini olish va unga qarshi kurashishda qonunchilikni tahlil qilish.
Shu bilan bir qatorda markur byuro tomonidan amalga oshirilgan bir nechta ishlar, jumladan, 2019-yil sentabrda Latviyaning sobiq prezidenti Raymond Beyonisni korrupsiyaviy qilmishi yuzasidan guvoh sifatida tergov qilganligi, ya’na bir sobiq president Vayra Vike-Freybergani sovg‘a sifatida qabul qilgan 850 yevrolik RADO soatini o‘zlashtirganligi yuzasidan tekshirish o‘tkazganligi hamda Riga dumasida shahar budjetidan 20mln yevro noto‘g‘ri sarf qilinganlagi bilan bog‘liq holatlar bo‘yicha tintuv o‘tkazilganligi kishini hayratga soladi. Bunday ishlarni amalga oshirilayotganligi haqiqatdan ham mazkur byuroning mustaqil, adolatli faoliyat yuritishidan dalolat beradi. O‘z navbatida mamlakatda bunday siyosatning yuritilishi korrupsiyani ildiziga bolta urishga zamin yaratadi.
Korrupsiyaviy jinoyatlar uchun javobgarlik masalalari, bunday turdagi jinoyatlarni oldini olish hamda bartaraf etish bo‘yicha rivojlangan davlatlar tajribasini o‘rganar ekanmiz, har bir mamlakat olib borayotgan siyosatidan kelib chiqib, o‘ziga xos yo‘lni tanlayotganligiga guvoh bo‘lishimiz mumkin. Ayrim mamlakatlarda jinoyatning xavflilik darajasidab kelib chiqib, jarima jazosidan ozodlikni mahrum qilishgacha, ba’zilarida esa, ozodlikdan mahrum qilishdan o‘lim jazosiga javobgar chorasi belgilab berilgan.
Shuningdek, yuqorida tahlil qilingan rivojlangan davlatlarning deyarli hammasida korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlarning aniq ro‘yxati belgilangan bo‘lib, ushbu jinoyatlarning ijtimoiy xavfliligi va ularni sodir etgan shaxslarning egallab turgan lavozimi, jamiyatdagi o‘rniga qarab jazo tayinlanadi va bu jazoning adolatliligi, odilligi kabi prinsiplarning to‘g‘ri qo‘llanishiga, jamiyatda korrupsiyaning eng past darajaga tushirishga xizmat qiladi. Bundan tashqari ko‘pgina xorijiy mamlakatlar korrupsion jinoyatlarni oldini olish maqsadida mansabdor shaxslarning mol-mulkini majburiy deklaratsiya qilish, barcha sohalarda jamoatchilik nazoratini amalga oshirish hamda davlat tashkilotlari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlarning elektron tartibda amalga oshirish tizimi yo‘lga qo‘ygan. Bunday usullarning amaliyotga tatbiq qilish hamda aholining mazkur sohadagi huquqiy ongini yuklashtirish orqali korrupsiyaga qarshi samarali kurashish mumkin.
Dilobar Axrorovna Ergasheva
Jinoyat ishlari bo‘yicha Tomdi tuman sudi raisi