Yangi O’zbekistonda yerga bo’lgan huquqlarni ishonchli himoya qilishning yangi huquqiy asoslari

        “Yangi O‘zbekiston — xalqchil va insonparvar davlat” g‘oyasini ro‘yobga chiqarish sud tizimi organlari tizimida islohotlarni yanada chuqurlashtirishni taqozo qilmoqda. 

So‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlarni huquqiy jihatdan ta’minlash, fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining huquq va manfaatlariga daxldor bo‘lgan qonunchilik hujjatlarining mazmun va mohiyatini tushuntirish, joylarda aholini tashvishga soluvchi huquqiy muammolarni hal etish, yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni ta’minlash, yerga bo’lgan huquqlarni ishonchli himoya qilishda  davlat tashkilotlarining roli va mas’uliyati sezilarli ravishda oshmoqda.

       Ma’lumki yer munosabatlarida tenglik, shaffoflikni ta’minlash, yerga bo’lgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish chora-tadbirlari to’risidag’i O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 8 iyundagi PF-6243-son farmoni imzolandi.

       Unga muvofiq 2021 yil 1 avgustdan boshlab yer uchastkalari xususiy sektorga — mulk va ijara huquqi asosida, davlat organlari, muassasalari, korxonalari, fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlariga  doimiy foydalanish huquqi asosida ajratiladi, meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik, doimiy egalik, vaqtincha foydalanish huquqi bilan yer ajratish tartibi bekor qilinadi, bunda ilgari ajratilgan yer uchastkalariga bo’lgan bunday huquqlar ularning egalarida amaldagi tartibda saqlanib qoladi, ijaraga olingan yer uchastkasida qonunchilikda belgilangan tartibda qurilgan ko’chmas mulk ob’ektiga mulk huquqi boshqa shaxsga o’tgan taqdirda, ushbu ob’ektga mulk huquqi bilan birgalikda u joylashgan yer uchastkasiga bo’lgan ijara huquqi ham yangi mulkdorga o’tadi, qishloq xo’jaligiga mo’ljallangan yerlar barcha turdagi qishloq xo’jaligi tovar ishlab chiqaruvchilari ishtirok eta oladigan ochiq elektron tanlov yakunlariga ko’ra, faqat ijara huquqi asosida ajratiladi, yerlar mulk huquqi va ijara huquqi asosida elektron onlayn-auktsion orqali realizatsiya qilinadi, davlat tashkilotlariga yer uchastkalari davlat va jamoat ehtiyojlari uchun Qoraqalpog’iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining qarori bilan doimiy foydalanish huquqi bilan ajratiladi, barcha hollarda yer uchastkalari faqat bo’sh turgan va zaxiraga olingan yerlardan ajratiladi, ayni bir hujjat bilan yoki bir vaqtning o’zida yer uchastkasini olib qo’yish, zaxiraga olish, boshqa shaxsga ajratish yer berish tartibini buzish hisoblanadi va qonunga muvofiq javobgarlikka tortish uchun asos bo’ladi, davlat-xususiy sheriklik loyihalari va ijtimoiy foydali maqsadlarga erishishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirishda yer uchastkalari davlat tashkilotiga doimiy foydalanish huquqi bilan ajratiladi, ushbu yerlar davlat-xususiy yoki ijtimoiy sheriklik to’g’risidagi bitimning amal qilish muddatiga xususiy sherik, nodavlat notijorat tashkiloti va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlariga ijaraga berilishi mumkin, ko’p kvartirali uy joylashgan va unga tutash yer uchastkasi, agar ko’p kvartirali uydagi joylarning mulkdorlariga boshqa huquq bilan tegishli bo’lmasa, ularga umumiy foydalanish uchun Qoraqalpog’iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari tomonidan doimiy foydalanish huquqi asosida ajratildi.

         Bundan tashqari mahalliy davlat hokimiyati organlarining yer munosabatlariga oid quyidagi vakolatlari, ular yuzasidan qaror, farmoyish yoki boshqa turdagi hujjat qabul qilish huquqi 2021 yil 1 avgustdan bekor qilindi.

      Shuningdek, Yer to’g’risidagi qonun buzilishi holatlarini barvaqt aniqlash va ularning oldini olishga qaratilgan faoliyatni muvofiqlashtirish bo’yicha Respublika kengashi va joylarda hududiy kengashlar tashkil etildi.

      Ma’lumki, Yer uchastkalaridan maqsadsiz foydalanish holatlarini o’z vaqtida aniqlash va chora ko’rish uchun Davlat soliq qo’mitasi huzuridagi Kadastr agentligi xodimlari mas’uldir.

       Davlat soliq qo’mitasi huzuridagi Kadastr agentligi organlariga yer uchastkalaridan maqsadsiz foydalanish holatlari aniqlanganda O’zbekiston Respublikasi Yer kodeksining 36-moddasiga muvofiq ushbu yer uchastkalariga bo’lgan huquqni bekor qilish, o’zboshimchalik bilan egallangan yer maydonida noqonuniy qurilgan imoratlarni bartaraf etish yuzasidan to’g’ridan-to’g’ri sudga murojaat qilish huquqi beriladi.

      Bundan tashqari Elektron onlayn-auktsion va ochiq tanlovga qo’yish uchun yer uchastkalarini tanlash, kelishish, auktsion va tanlovda ishtirok etish uchun murojaatlarni qabul qilish, auktsion va tanlovni o’tkazish, uning natijalarini rasmiylashtirish bilan bog’liq barcha jarayonlar, istisnolarsiz faqat elektron axborot tizimlaridan foydalangan holda, elektron hujjat almashinuvi yo’li bilan amalga oshirildi.

       Mahalliy davlat hokimiyati organlarining yer munosabatlariga doir barcha qarorlarini qabul qilish ular tomonidan qabul qilinadigan qarorlarni ishlab chiqish, kelishish va ro’yxatdan o’tkazishning yagona elektron — «E-qaror» tizimi orqali, ushbu qarorlarda yer uchastkasiga doir geografik ma’lumotlar va xaritalarni shakllantirish esa «Kadastr va ro’yxatdan o’tkazish integratsiyalashgan axborot tizimi» orqali avtomatik ravishda amalga oshirilmoqda.

         Zero, mamlakatimizda adolat va huquq ustuvorligini mustahkamlash, aholiga professional xizmat qiladigan ixcham va samarali boshqaruvni yaratish  bugungi kunning bosh maqsadidir.

 

 

Zarif Utamurodov

Fuqarolik ishlari bo‘yicha

Xatirchi tuman sudi sudyasi